Portal haqida
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 40-moddasiga asosan har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Internet tarmog‘ida maxsus “maydon”lar yaratishi zarurligini ta'kidlab o‘tgan edilar.
Yuqoridagilardan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF–5308-son Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 34-bandida “Mening fikrim” maxsus veb-portali orqali O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga elektron jamoaviy murojaat qilish tartibini joriy etish belgilangan.
“Mening fikrim” veb-portali mamlakatimizda fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining ochiqligi, qabul qilinayotgan qonunlarning hayotiy va samarali bo‘lishini ta'minlash maqsadida yaratildi.
Mazkur veb-portal orqali Siz davlat va jamiyat ahamiyatiga molik muhim masalalar yuzasidan qonunchilikka takliflaringizni elektron jamoaviy murojaat shaklida yuborishingiz mumkin.
Yuborilgan elektron jamoaviy murojaat tizim moderatori – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgandan so‘ng veb-portalda e'lon qilinadi.
Sizning elektron jamoaviy murojaatingiz jamoatchilik tomonidan yetarli miqdorda qo‘llab-quvvatlanganda u tegishliligi bo‘yicha Oliy Majlis palatalari yoki xalq deputatlari mahalliy Kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Ushbu veb-portal Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yagona integrator "UZINFOCOM” – mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqildi.